14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar. Ushbu masala yuzasidan Sayora Rashidova ma’ruza qildi. Bu haqda Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar berdi.

Ombudsman o‘z hisobotida inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat hokimiyati organlarining faoliyati ustidan parlament nazorati Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyatining eng muhim jihatlaridan biri ekani ta’kidladi. Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, qonun hujjatlari, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash mexanizmlarining takomillashtirilishiga ko‘maklashishga qaratilganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ushbu sohadagi qonun hujjatlarining takomillashtirilishida, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda, inson huquqlari sohasida jamoatchilik ongini oshirishda ishtirok etdi. Deputatlar Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati hokimiyatning qonunchilik, ijro etuvchi va sud tarmoqlari, fuqarolik jamiyatining institutlari, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilganligini ta’kidladilar. Hisobot yilida Ombudsman tomonidan 15 dan ortiq qonun loyihasining inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonun hujjatlariga, xalqaro standartlarga muvofiqligi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.

Ombudsmanning Qonunchilik palatasi bilan o‘zaro hamkorligi nafaqat qonun loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishga, balki nazorat-tahlil faoliyatida ishtirok etishga, qonun hujjatlariga rioya qilish monitoringi yakunlari bo‘yicha axborot almashishga qaratildi.

Fuqarolarning shikoyatlari va murojaatlarini ko‘rib chiqish Ombudsman faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Hisobot davrida fuqarolardan jami 11 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi, ularning 7,7 mingtasi Ombudsmanning markaziy idorasiga, deyarli mingta ariza va shikoyat esa mintaqaviy vakillarga yuborildi. Elektron pochta orqali fuqarolar murojaatlarini qabul qilish amaliyoti kengaytirilmoqda. Ombudsman va uning xodimlari shaxsiy qabulida fuqarolarning deyarli 1,4 mingta murojaati ko‘rib chiqildi. Ularning barchasi amaldagi qonun hujjatlariga qat’iy muvofiq holda ko‘rib chiqildi.

Deputatlar muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ma’qulladilar hamda tegishli qaror qabul qildilar.