Qozog‘iston Milliy banki 11-fevraldan boshlab tenge’ning ayirboshlash kursini avvalgi darajada ushlab turishdan voz kechishini, valyuta intervensiyalari hajmini kamaytirish va tengening ayirboshlash kursi shakllanishi jarayoniga aralashuvni kamaytirish haqida qaror qabul qilganligi haqida xabar berdi.

«Milliy bank yangi ayirboshlash kursi bir dollar uchun 185 tenge atrofida bo‘lishini kutmoqda», — deyiladi Milliy bank bayonotida. 11- fevral holatiga, Milliy bank tomonidan rasmiy kurs bir dollar uchun 155,5 tenge darajasida belgilangan.

Xabarda qayd etilishicha, ayirboshlash kursining mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyatini hisobga olgan holda, so‘nggi yillarda Milliy bank rasmiy kursni bir dollar uchun 145-155 tenge atrofida ushlab turgan edi. Bu mamlakatda iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga imkon berdi. 2013- yili Qozog‘iston YaIMi 6 foizga o‘sdi, inflyatsiyasi tarixan eng kam — 4,8 foizni tashkil etdi.

Bayonotda qayd etilishicha, Qozog‘iston iqtisodiyoti ayni vaqtda global iqtisodiyot bilan chambarchas bog‘liq, shuning uchun xalqaro moliyaviy va tovar bozorlaridagi vaziyatni hisobga olmasdan iloji yo‘q.

«Moliyaviy bozor va umuman iqtisodiyotda beqarorlik yuz berishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, Milliy Bank tomonidan valyuta kursi bir dollar uchun 185 tenge (plyus/minus 3 tenge) atrofida o‘rnatiladi, va keskin sakrashlarni oldini olish siyosati davom ettiriladi. Lekin tenge ayirboshlash kursini uzoq muddatli trendi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ta’sirida shakllanadi», — deyilgan bayonotda.

«Ayirboshlash kursini to‘g‘rillanishi Qozoq’iston Respublikasining eksport va importni o‘rnini bosuvchi tarmoqlari uchun raqobat sharoitini yaxshilanishiga olib keladi» — deb ta’kidlaydi Milliy Bank.