9-fevral kuni O‘zbekiston Milliy bog‘ida buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludining 573-yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zA xabar berishicha, tadbrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, ijodiy uyushmalar mutasaddilari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, o‘qituvchilar, mahalla faollari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Marosimda, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Adham Ikromov, Toshkent shahar hokimi Raxmonbek Usmonov ishtirok etdi.

«Farhod va Shirin» dostonidan parchalar, Navoiy g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlar ijro etildi. Shoir g‘azallarini Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabalari ingliz, nemis, fransuz, yapon, koreys tillarida o‘qib berdi.

Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Shu kuni poytaxtdagi Shoirlar xiyobonida Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan mushoira bo‘lib o‘tdi. Yozuvchi va shoirlar, navoiyshunos olimlar, yosh ijodkorlar, adabiyotga mehri baland o‘quvchi-yoshlar ishtirok etgan tadbirda Alisher Navoiy ijodi insoniyatni ezgulikka undab kelayotgani ta’kidlandi. Mushoirada ulug‘ mutafakkir asarlaridan namunalar o‘qildi.

Buyuk shoir tavalludiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlarda bo‘lib o‘tmoqda.