O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Sochiga tashrifi doirasida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

An’anaviy do‘stlik va ochiqlik ruhida o‘tgan suhbat davomida tomonlar keng ko‘lamli o‘zaro hamkorlikning bugungi holati, O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga bo‘lajak rasmiy tashrifi xususida fikr almashdilar.

Sochidagi tadbirlar davomida O‘zbekiston Prezidentining Turkiya Respublikasi Bosh vaziri Rajab Tayyib Erdo‘g‘on bilan qisqa uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat rahbarlari o‘zaro munosabatlarning bugungi holatini muhokama qilib, hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash lozimligini ta’kidladilar. Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar haqida ham fikr almashildi. Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.

Shuningdek, Kun.uz Bolgariya hukumatining matbuot xizmatiga tayangan holda xabar berishicha, Islom Karimov Bolgariya Bosh vaziri Plamen Oresharski bilan ham uchrashgan. Bu uchrashuv tafsilotlari to‘g‘risida batafsil ma'lumot berilmagan.

Avval xabar qilinganidek, Sochida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 7-fevral kuni XXII qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etgan edi.