7-8-fevral kunlari Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo hududi bo‘yicha vitse-prezidenti Lora Tak O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘ldi, deb xaber bermoqda JB Toshkentdagi vakolatxonasining matbuot xizmati.

Lora Tak Toshkentga Jahon banki bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida davom etib kelayotgan hamkorlik masalalarini muhokama etish va kelajakdagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini aniqlab olish maqsadida tashrif buyurgan.

O‘tgan yil sentabr oyida mazkur lavozimga tayinlangan Lora Takning O‘zbekistonga qilgan ilk tashrifi davomida bir qator rasmiy shaxslar bilan uchrashdi va sog‘liqni saqlash sohasidagi Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan loyiha bilan tanishdi.

O‘zbekiston hukumati vakillari bilan muzokaralar chog‘ida tomonlar Jahon Banki guruhining O‘zbekiston bilan 2012-2015- moliyaviy yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Strategiyasining holatini ko‘rib chiqdilar. Lora Takning qayd etishicha, strategiyaning amalga oshirilishi rejalarga muvofiq ketayapti.

JB vitse-prezidenti «O‘zbekiston iqtisodiyotini 2030-yilgacha strukturaviy isloh etish konsepsiyasi»ni tayorlash doirasida hukumat bilan hamkorlik masalalarini ham muhokama qildi.
Uchrashuvlarda shuningdek O‘rta Osiyo suv-energetik resurslari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Mamlakat hukumatining izchil iqtisodiy yuksalish, barqaror boshqaruv va tashqi qarzlar darajasining pastligi borasidagi yutuqlarini qayd etgan holda, Lora Tak kelajakda yanada ham ishlash lozim bo‘lgan sohalar ustida to‘xtaldi.