1-iyuldan boshlab O‘zbekiston fuqarolarining chet elga chiqishi faqat biometrik pasportlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Bu 6-fevraldagi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan ko‘zda tutilgan.

Hujjaatda aytilishicha, qaror «zamonaviy xalqaro standartlar va talablarni hisobga olgan holda pasport tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro o‘tkazib yuborish chegara punktlarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport nazoratidan o‘tishi tartib-qoidasini soddalashtirish, ularning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishini ta'minlash maqsadida» qabul qilingan.

Qarorda, 1-yildan boshlab havo va temir yo‘l transportida chet elga chiquvchi fuqarolarining avia va temir yo‘l chiptalarini rasmiylashtirish va sotish biometrik pasportlar asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Qayd etish joizki, hozirda mamlakat bo‘ylab barcha horijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo'limlari chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) olish uchun biometrik pasport talab qiladi. Arizachini biometrik pasporti bo‘lmasa, ayni vaqtda eski pasportni almashtirish imkoniyati ham mavjud.

Davlat personallashtirish markazi, IIV va TIVga chet elga chiquvchi fuqarolarning biometrik pasportlari o‘z vaqtida hujjatlashtirishni ta'minlash topshirilgan.

Qarorda shuningdek, TIV xorijiy davlatlarda doimiy yashovchi va O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalarida doimiy konsullik hisobida turuvchi fuqarolarning ushbu qaror qoidalari to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilinishi bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishi belgilangan.

MXX Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasiga 1-iyuldan boshlab fuqarolar qaror talablariga muvofiq chet elga chiqishining belgilangan tartibda nazorat qilinishi topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda biometrik pasportlar 2011-yil 1-yanvardan kiritila boshlangan va 2015-yilning ohirigacha barcha pasportlarni almashtirish ko‘zda tutilgan.