O‘zbekistonda Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi (XBTU) tashkil etildi. Bu haqda uyushma tomonidan OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida ma'lumot berildi, deb xabar bermoqda «Turkiston-press» MAA.

Xalqaro Biznes va Texnologiyalar uyushmasi O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik korxonalarni xalqaro talablar darajasidagi texnologiyalar bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Uyushmaning vazifasi injiniring sohasidagi turli masalalarni hal etish, boshqaruv xodimlarining xalqaro tadbirlarda, jumladan, yarmarkalar, biznes forumlar, kooperatsion birjalar va axborot xizmati turlardagi ishtirokini ta’minlash yo‘li bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, chet ellik hamkorlar bilan biznes aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashishdan iborat.

Tadbirda ta’kidlanganidek, yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish jarayonida uyushma tomonidan mamlakatimizdagi tadbirkorlik sohasi vakillarining dunyodagi qator rivojlangan mamlakatlarga safarlari uyushtirilib, mazkur sayohatlar davomida ularning yirik kompaniyalar tajribasini o‘rganishi, mutaxassis kadrlari malakasini oshirishi hamda xorijiy hamkorlar bilan aloqa o‘rnatib, tovar eksportini yo‘lga qo‘yishiga imkoniyat yaratiladi.

«So‘nggi yillarda yurtimizdagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida juda ulkan yutuqlarga erishildi va katta tajriba to‘plandi, — deydi Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi raisi Hikmat Abdurahmonov. — Mamlakatimizdagi tadbirkorlik sub’ektlari taklifiga binoan, ularning faoliyatini yanada rivojlantirish, yangi zamonaviy, yirik xorijiy korxonalarda sinovdan o‘tgan texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy qilishda ularga ko‘mak berish maqsadida ushbu uyushmani tashkil qilishga ehtiyoj tug‘ildi. O‘tgan qisqa davr mobaynida yurtimizdagi tadbirkorlarning AQSh, Fransiya, Koreya kabi davlatlardagi nufuzli xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishiga yaqindan yordam berildi, yurtimizdagi mutaxassislarning xorijiy korxonalarga tajriba almashish maqsadida safarlari tashkil etildi. Bu kabi tadbirlar hamda infoturlar uyushmaning 2014 yilgi rejasiga ham kiritilgan».

Anjumanda Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasining ambit.uz sayti va «facebook» ijtimoiy tarmog‘ida www.fb.com/bit.uz ishga tushirilgani munosabati bilan bu va barcha qiziquvchilar ushbu manzillardan tadbirkorlikni yuritish va rivojlantirish, chet eldagi ko‘rgazmalarda ishtirok etish, shuningdek, yangi quvvatda ishlaydigan sifatli mahsulot garovi bo‘lgan texnologiyalarni o‘z faoliyatiga joriy etish bo‘yicha zarur ma’lumotlarni olishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.