Samarqand vilooyati Paxtachi tumanining hokimi o‘zgardi. Bu haqda viloyat hokimiyatining rasmiy saytida e'lon qilingan.

5-fevral kuni xalq deputatlari Paxtachi tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Husniddin Jo‘rayev Paxtachi tumani hokimi vazifasidan ozod etildi. Shu paytgacha viloyat «Qishloqxo‘jalikkimyo» hududiy ochiq aksiyadorlik jamiyati raisi lavozimida ishlab kelgan Kamoliddin Qurbonov, viloyat hokimi Zoir Mirzayev tavsiyasiga ko‘ra, Paxtachi tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Sessiyada ishtorok etgan viloyat hokim tumanda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ishga solinmagan imkoniyatlarga to‘xtaldi. Ta’kidlandiki, tumanda xalq xo‘jaligining ko‘pgina tarmoqlarida rivojlanishda oqsoqliklar ko‘zga tashlanayapti.

Jumladan, ro‘yxatdan o‘tkazilgan 63 ta sanoat korxonasidan 12 tasining faoliyati to‘xtab qolgan. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish viloyat ko‘rsatkichidan 573 ming so‘mga, xalq iste’moli mahsulotlari tayyorlash 505 ming so‘mga, jami xizmatlar hajmi esa 396 ming so‘mga kam.

Yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish va aholi bandligini ta’minlash dasturining monitoringi tizimli ravishda yuritilmayapti. Tuman hokimligi huzuridagi maxsus komissiyaning ishi qoniqarsiz tashkil qilinganligi natijasida sohada jiddiy kamchiliklar kuzatilmoqda.

Tumanda paxtachilik sohasida to‘plangan shon-shuhrat keyingi yillarda pasayib ketmoqda. Yerdan omilkorlik bilan foydalanish, dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish borasida erishilgan tajribalar boy berilmoqda.
Xususan, o‘tgan yil tumandagi 62 ta fermer xo‘jaligi davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasini bajarolmadi.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida ham ko‘plab muammo va nuqsonlar mavjud. Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar ham tanqidiy tahlil qilindi.