O‘zbekistonda 2014-yilda tadbirkorlik subyektlarida rejalashtirilgan tekshirishlar salmoqli darajada qisqartirildi.

DSQ matbuot xizmatining xabar berishicha, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining 31- yanvardagi 1-son qarori bilan qonunga itoatkor 595 ta tadbirkorlik subyektlarida rejalashtirilgan tekshirishlar, shuningdek 32 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlardagi tekshirishdan ayrim nazorat qiluvchi organlar ishtiroki 2014-yil tekshirishlar reja-jadvalidan chiqarildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-yanvarida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 2013-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag’ishlab o’tkazilgan yig’ilishda Prezident Islom Karimov biznes yuritish uchun amaliy qulay sharoit tug‘dirib berish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish hukumatning 2014-yilda real iqtisodiyotni isloh etishda eng muhim yo‘nalishiga aylanmog‘i zarur ekanligini aytgan edi.

«Mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitining bugungi holati erkin bozor iqtisodiyotining talab va prinsiplari, umumiy xalqaro normalarga to‘liq javob bermaydi, — deb aytgan yig‘ilishda mamlakat rahbari. -Tadbirkorlarimiz qishloq joylarda energiya ta’minotining beqarorligiga, ishlab chiqarish va yo‘l infratuzilmasining kerakli darajada rivojlanmaganiga, tekshiruvlarning ko‘pligiga, shuningdek, joylarda ijro intizomining nisbatan pastligiga haligacha duch kelmoqda».

O‘sha kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi majlisining qarorida mas'ul vazirlik va idoralarga ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish uchun turli ruxsat berish tartibotlarining muddatlarini yanada qisqartirish, ularni soddalashtirish va arzonlashtirish, tadbirkorlik yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha takliflar kiritish topshirilgan.