Toshkent va Namangan maktablarining 6 mingdan ziyod boshlang‘ich maktab o‘quvchilari «Sog‘lom bolalar» (Healthy Kids) ma’rifiy dasturi doirasida sog‘lom ovqatlanish madaniyati haqida bilimlarini oshiradilar. Bunday imkoniyat haqida 31-yanvar kuni dastur taqdimotida e'lon qilingan, deb xabar beradi «Turkiston-press» MAA.

Dastur «Nestle O‘zbekiston» qo‘shma korxonasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi yordamida yo‘lga qo‘yildi. Dastur doirasida muallimlar uchun metodik qo‘llanma, o‘quvchilar uchun esa ish daftari ishlab chiqilgan.

Qo'llanma bolalarda sog‘lom turmush tarzini tashkil etuvchi ovqatlanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan 16 mavzudan iborat. Xususan, bolalar ovqatning tarkibi, uni hazm qilish jarayoni, faol hayot tarzida ovqatlanish tartibi, gigiena va etiket qoidalari haqida bilimga ega bo‘ladilar.

«Nestle Uzbekistan» QK bosh direktori Filipp Gorbunovning aytishicha, ushbu dastur Nestle kompaniyasining Healthy Kids global dasturining bir qismi hisoblanib, hozirda 71 mamlakatda 6 mln boalarni qamrab olgan.

O‘zbekistonda dastur umumta’lim maktablarining 1-2-sinf o‘quvchilari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va maktabgacha ta’lim muassasalarining tayyorlov guruhlari uchun mo‘ljallangan. Birinchi bosqichda Toshkent va Namangan maktablarining 6 mingdan ziyod o‘quvchilarini qamrab olish rejalashtirilgan. Kelajakda dastur butun O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirilishi mumkin.