31- yanvar kuni AQSh elchisi Jorj Krol qarorgohida AQSh hukumati ko‘magida nashr etiligan yangi o‘zbekcha-inglizcha lug‘at taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda elchixonaning matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu loyihani amalga oshirishda lug‘at muallifi Shavkat Bo‘tayev hamda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasidagi mutaxassislar AQSh elchixonasi bilan yaqindan hamkorlik qildi.

Lug‘at poytaxtdagi «O‘qituvchi» nashriyotida chop etildi. 80 000 ta so‘z va iborani o‘z ichiga olgan bu lug‘atdan ingliz tilini o‘rganayotgan o‘rta maktab o‘quvchilari va universitet talabalari, shuningdek, boshqa soha mutaxassislari, jumladan harbiylar va jurnalistlar ham foydalanishlari mumkin.

«Shu turdagi lug‘atchilik sohasida bugungi kunda eng yirigi sanalgan ushbu o‘zbekcha-inglizcha / inglizcha-o‘zbekcha lug‘atning nashr etilishi tillar tarixi hamda Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning muhim yutuqlaridan biridir. U universal til hisoblangan ingliz tilini o‘zbekcha so‘zlashuvchi kishilarga, boy va go‘zal o‘zbek tilini esa inglizcha so‘zlashadiganlarga yanada osonroq o‘rganishda yaqindan yordam beradi», — dedi AQSh elchisi Jorj Krol taqdimot marosimida.

AQSh elchixonasi taxminan 1000 ta lug‘at uchun mablag‘ ajratdi. Keyinchalik ular Xalq ta’limi va Oliy ta’lim vazirliklariga, O‘zbekistondagi universitetlar hamda kutubxonalarga tarqatiladi. AQSh elchixonasi Qo‘shma Shtatlardagi inglizzabonlarga o‘zbek tili o‘qitiladigan universitet va muassassalarga ham ushbu lug‘atdan yuborishni maqsad qilgan.