Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov poytaxtda garajlarni buzib, ular o‘rniga avtomobil turar joylari qurish haqidagi o‘tgan yilgi shahar hokimining qarorini bekor qildi.

2013-yil 8-aprelda qabul qilingan «Toshkent shahrida avtomototransport saqlash qurilmalarini obodonlashtirish va shaharsozlik qoidalariga muvofiq tartibga keltirish to‘g‘risida»gi qarorni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror shahar hokimiyatining saytida e’lon qilindi.

Yangi hujjatda aytilishicha, qaror Toshkent shahar prokuraturasining 2013-yil 31-dekabrdagi 10/15-13-sonli protestiga asosan bekor qilingan.

Gazeta.uz hokimiyat va prokuratura rasmiylaridan tezkor izoh ola olmadi. Shu bilan birga, manbalarimiz qarorni bekor qilinishining asosiy sababi deb, qarorni tatbiq etish jarayonida yo‘l qo‘yilgan talay kamchiliklar bo‘lishi mumkinligini aytdi. Ayni paytda, manbalarga ko‘ra, kamchiliklarni bartaraf etish va garajlar o‘rniga avtomototransport turar joylarini qurishning yangi tartibini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bekor qilingan qarorga binoan, 2014-yil oxirigacha poytaxtdagi barcha shaxsiy garajlarni ko‘chirib, ularning o‘rniga zamonaviy avtomototransport turar joylari qurilishi rejalashtirilgan edi.