29-yanvar kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari «Tadbirkorlik subyektlarini sud orqali himoya qilish yanada mustahkamlanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Qonunchilik palatasining axborot xizmatining ta'kidlashicha, qonun loyihasi tadbirkorlarga katta erkinlik berish, ularning qonuniy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish uchun sud tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar huquqlari buzilishining oldini olish va ularga qo‘shimcha kafolatlar yaratib berish maqsadida qonun loyihasida tekshirilayotgan xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan sudga shikoyat berishda harakatlar yoki qarorlar ijrosini to‘xtatib turish nazarda tutilmoqda. Umuman olganda, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi sud-huquq tizimini isloh qilish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ladi.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi amaldagi qonun hujjatlarini yangi tahrirdagi «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilganligi qayd etildi.

Xususan, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 22-moddasiga binoan huquqiy ekspertiza chog‘ida normativ-huquqiy hujjat loyihasining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, ularga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, qonunchilik texnikasi qoidalariga mosligi, shuningdek, havola qiluvchi normalarni qo‘llash asosliligi hamda maqsadga muvofiqligi tekshiriladi.

Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilayotganda ushbu hujjatlar ularda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi ortiqcha ma’muriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan qoidalar va normalarni aniqlash maqsadida tahlil etiladi. Shu munosabat bilan loyihaga ko‘ra, «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasiga muvofiq ishlab chiquvchi qonun loyihasini kiritishda xalqaro hujjatlar va chet mamlakatlar qonun hujjatlarining, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining tegishli qoidalarini, O‘zbekiston Respublikasi sharoitida tegishli xalqaro tajribani qo‘llash maqbulligi to‘g‘risidagi asosli takliflarni ketma-ketlik tartibida ko‘rsatgan holda tahliliy qiyosiy jadvallarni tayyorlashi shart.

Xalqaro hujjatlar va chet mamlakatlar qonun hujjatlarining prinsiplari, qoidalari va ta’riflarining tayyorlangan ko‘rgazmali tahlili mavjud qiyosiy jadvalsiz kiritilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi va «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining bu va boshqa normalari qonun ijodkorligi jarayonini yanada takomillashtirishga, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va ularning sifatini oshirishning samaraliroq mexanizmlarini yaratishga xizmat qiladi.