Tailandning Bangkok shahrida nihoyasiga etgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining ikkita o‘zbekistonlik bokschilar Osiyo chempioni bo‘ldilar. Chempionatda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan 10 nafar bokschidan 8 nafari sovrindorlar safidan o‘rin egallashdi.

Milliy olimpiya qo'mitasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, terma jamoa hisobiga oltin medallarni Bektemir Meliqo‘ziyev (-69 kg) va Kozimbek Mardonov (-75 kg) keltirishgan. Abdulhay Shorahmatov (-52 kg), Mahmud G‘oipov (-64 kg), Azizbek Shukurov (-81 kg) hamda Asilbek Soliyev (-91 kg) kumush medal sovrindori bo‘lishdi. Yana ikki nafar hamyurtimiz Fazliddin Meliboyev (-60 kg) va Shohruxbek Erkinov (+91 kg) esa Osiyo chempionatining bronza medallari bilan taqdirlandilar.

Shu tariqa, 2 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Terma jamoa a’zolari 2-fevral kuni O‘zbekistonga qaytishi kutilmoqda.