Prezident Islom Karimov raisligida 28-yanvar kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zA.

Davlat rahbari mazkur Jamg‘arma faoliyat boshlaganidan buyon o‘tgan yillarda erishilgan yutuqlar, bu borada amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarning ahamiyati va natijalari xususida atroflicha fikr yuritdi.

Majlisda Homiylik kengashining 2013-yil 15-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida belgilangan vazifalarning ijrosi atroflicha tahlil etildi. Sport inshootlari va suzish havzalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, ularni zarur sport anjomlari va inventarlari bilan jihozlash, sport majmualaridan foydalanish samaradorligini oshirish, malakali murabbiylar, ayniqsa, ayol sport ustozlarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratildi.

Prezident Islom Karimov sport inshootlaridan samarali foydalanish, qizlarni sport bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sport anjomlarining turini kengaytirish va sifatini yanada yaxshilash, shu sohada faoliyat olib borayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga doimiy e’tibor qaratish zarurligini alohida ta’kidladi.

Yig‘ilishda 2014-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘rib chiqildi. 115 sport obyekti va 48 bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, ularni zarur anjom va uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Bu borada yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar ko‘rsatilib, ularni bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.

2016-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari ham ko‘rib chiqildi.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov, Bosh vazir o‘rinbosarlari Elmira Bositxonova, Botir Zokirov, Adham Ikromov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti M.Usmonov, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlarining axboroti tinglandi.