Joriy yilning 1-fevralidan O‘zbekiston aeroportlaridan uchib ketadigan yo‘lovchilarning qo‘l yuki tarkibida barcha turdagi suyuqliklar, aerozollar va gellarni olib ketish taqiqlanadi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK matubot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davavianazorati boshlig‘ining 27-yanvardagi buyrug‘iga muvofiq endi O‘zbekiston aeroportlaridan uchib ketadigan yo‘lovchilarga havo kemasi sahnida qo‘l yuki tarkibida va yonida barcha turdagi suyuqliklar, aerozollar va gellarni olib ketish taqiqlanadi.

Istisno tariqasida bolalar ovqati va yo‘lovchilarga muntazam ravishda parvoz vaqtida talab etiladigan dori vositalarini olib ketishga ruxsat etiladi. Bolalar ovqati va dori vositalari shaffof, zich yopiladigan, hajmi 1 litrdan ko‘p bo‘lmagan plastik paketlarga joylashtirilgan bo‘lishi kerak. Har bir yo‘lovchiga faqatgina bitta plastik paket olib ketishga ruxsat etiladi. Plastik paket aviatsiya xavfsizligi nazorati punktida maxsus texnik vositalardan foydalangan holda ko‘zdan kechirish uchun taqdim etilishi kerak.

Suyuqliklar, aerozollar va gellarni faqatgina yo‘lovchining ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bagaji tarkibida olib ketishga ruxsat etiladi.