2013-yilda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniya tomonidan 24,5 mingta reys amalga oshirilib, 2,6 million nafardan ortiq yo‘lovchi va 41 ming tonna yuk tashilgan. Bunday ma'lmot 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan milliy aviakompaniyaning matbuot anjumanida e'lon qilindi deb xabar beradi O‘zA.

Kompaniya aviaparki zamonaviy laynerlar bilan bosqichma-bosqich yangilab borilmoqda. So‘nggi uch yilda aviakompaniya parki Yevropada ishlab chiqarilgan o‘nta «Airbus A-320» va Amerikada ishlab chiqarilgan to‘rtta «Boeing 767-300-ER» samolyotlari bilan to‘ldirildi. Xorijiy mamlakatlarga parvozlarning deyarli barchasi, shuningdek, ichki aviaparvozlarning bir qismi shu samolyotlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2016-yilda yuksak darajadagi qulayliklarga ega ikkita «Boeing 787 Dreamliner» samolyoti keltirilishi ko‘zda tutilmoqda. «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi mutaxassislarining ma’lum qilishicha, ayni paytda ushbu samolyotlarni ishlab chiqaradigan zavod vakillari bilan ularni maxsus uchish, muhandislik-texnik va servis uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha maslahatlar olib borilmoqda.

Aeroportlarda parvozlar sifati va xavfsizligini, yo‘lovchilar va aviatsiya texnikasiga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Uchish-qo‘nish yo‘laklari rekonstruksiya qilindi, aerovokzal komplekslarining tashqi ko‘rinishi deyarli to‘liq yangilandi, yo‘lovchi terminallari soni ko‘paytirilib, xizmat ko‘rsatish texnologiyasi yaxshilandi.

«Toshkent» xalqaro aeroportida joriy yilning birinchi choragida aeroportning VIP va CIP zallarini kapital ta’mirlash ko‘zda tutilmoqda.

«Urganch» va «Farg‘ona» aerovokzallarida rekonstruksiya ishlari jadal davom etayotir. «Navoiy» aeroporti bazasidagi Intermodal logistika markazining ishlab chiqarish quvvati oshirilmoqda. Bu yerda o‘tgan yili 25 ming tonna yuk tashildi.

Matbuot anjumanida aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirishga oid amalga oshirilgan ushbu chora-tadbirlar natijasida O‘zbekistondagi 12 aeroportga xalqaro maqom berilgani ta’kidlandi.