Tailandning Bangkok shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining yarim finaliga chiqqan o‘zbekistonlik bokschilar soni olti nafarga yetdi.

O‘zA xabar berishicha, vazni 52 kilogramm bokschilar musobaqasida ishtirok etayotgan Abdulhay Shorahmatov chempionatdagi ikkinchi jangida tailandlik Kritipak Duangnutni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi.

60 kilogramm vazn toifasida ringga chiqayotgan Fazliddin Meliboyevning mahorati muxlisu mutaxassislar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. Mustahkam himoya va kuchli texnikaga ega bokschimiz janglarni muddatidan oldin yakunlamoqda. Birinchi jangda nepallik Saurab Lamani nokautga uchratgan hamyurtimiz chorak final uchrashuvida indoneziyalik Rikki Vinardani ham aniq zarba bilan ringga qulatdi.

75 kilogramm vazn toifasida ikkinchi jangini o‘tkazgan o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni Kozimbek Mardonov qozog‘istonlik Bekjan Bakirovni ochkolar hisobida yengdi. Mahmud G‘oipov 64 kilogramm vazn toifasidagi bahsda Xitoy Taypeyi vakili Xun Ming Chuandan ustun keldi.

Terma jamoamiz a’zolaridan Azizbek Shukurov va Bektemir Meliqo‘ziyev ham yarim final janglarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.