2014-yildan boshlab O‘zbekistonda xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudlar majlislarini videokonferensiya usulida o‘tkazish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu masala shu kunlarda bo‘lib o‘tgan Oliy xo‘jalik sudining kengaytirilgan rayosat yig‘ilishida muhokama qilingan.

O‘zA xabar berishicha, bu sud himoyasiga bo‘lgan huquqni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratish, Oliy xo‘jalik sudi tomonidan zarur ma’lumotlarni sudlarga tezkorlik bilan yetkazish, masofadan turib yig‘ilishlar, seminar va konferensiyalar o‘tkazish imkoniyatini yaratadi.

Xo‘jalik sudlari faoliyatida zamonaviy axborot­-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish to‘g‘risidagi Prezident farmonida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar doirasida amalga oshirilayapti.

Mazkur farmon asosida 2013- yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarining da’vo ariza va iltimosnomalarini elektron shaklda qabul qilish, 2013-yil 1- iyundan boshlab sud muhokamasi ishtirokchilariga sud hujjatlari va boshqa xat­-xabarlarni elektron vositalar orqali yuborish tartibi joriy etildi.

2013- yilda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xo‘jalik sudlariga elektron shaklda yuborilgan da’vo arizalar va iltimosnomalar soni 1,8 mingdan oshgan bo‘lsa, sud muhokamasi ishtirokchilariga 1,6 mingga yaqin sud hujjati va boshqa xat-­xabarlar elektron usulda yuborildi. Bu tadbirkorlik sub’ektlariga katta qulaylik yaratib, ortiqcha vaqt va mablag‘ning tejalishiga, ayni paytda odil sudlovning oshkoraligi hamda ochiqligi ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.

Sudlarda ish yuritish samaradorligini oshirish, elektron hujjat almashinuvini joriy etish maqsadida Oliy xo‘jalik sudi va barcha quyi xo‘jalik sudlari faoliyatini birlashtirgan yagona elektron baza ishga tushirildi. Mazkur elektron baza vositasida quyi xo‘jalik sudlarining faoliyati Oliy xo‘jalik sudi tomonidan monitoring qilib borilmoqda.