Erkin faoliyat yuritishida soliq sohasiga oid to‘siqlarga duch kelayotgan tadbirkorlar shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Raisiga murojaat yuborishi mumkin.

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining tarqatgan xabarida aytilishicha, noqonuniy tekshirish, hisobotlarni elektron tartibda topshirganda uning qog‘oz ko‘rinishini talab qilish yoki shunga o‘xshash davlat soliq xizmati organlari xodimlarining boshqa noqonuniy hatti-harakatlari bo‘yicha shikoyatlari bo‘lsa, tadbirkorlar bu haqda www.soliq.uz sayti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Raisiga murojaat yuborishi mumkin.

Bundan tashqari, ariza va shikoyatlarni og‘zaki ravishda (8 371) 244-97-15 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan holda qoldir mumkin.

Har bir murojaat belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va ijrosi nazoratga olinadi.

Barcha murojaatlar zudlik bilan o‘rganib chiqilib, undagi holatlar o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanilib, murojaat etuvchiga belgilangan tartibda javob yuboriladi.

Ushbu xizmat, to’g’ridan-to’g’ri O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga murojaat yuborish xizmati kabi, joriy yilning 17- yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 2013- yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014- yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.

Yig’ilishda Prezident Islom Karimov ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitini tanqid qilib, tadbirkorlar qishloq joylarda energiya ta’minotining beqarorligiga, ishlab chiqarish va yo‘l infratuzilmasining kerakli darajada rivojlanmaganiga, tekshiruvlarning ko‘pligiga, shuningdek, joylarda ijro intizomining nisbatan pastligiga haligacha duch kelayotganligini ta'kidlagan edi.

O‘sha kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi majlisining Qarorida ishbilarmonlik muhitini («biznes bilan shug‘ullan» tamoyili bo‘yicha) shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan edi.