Qonuniy manfaatlari va haq-huquqlari buzilishi hamda hal etilmayotgan hollar bilan to’qnash kelgan tadbirkorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali to’g’ridan-to’g’ri O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga murojaat yuborishi mumkin.

Portalda aytilishicha, yo’lga qo’yilgan ushbu yangi xizmat ko’rib chiqish muddatlarini asossiz cho’zish, kreditlar yoki yer uchastkalarini ajratish tartiblarini buzish, tekshirishlarning ko’payib ketishi va boshqa moliyaviy-xo’jalik faoliyatiga noqonuniy aralashishlar, subyektiv omillar va tadbirkorlik faoliyatiga g’ov bo’luvchi byurokratik to’siqlar kabi ehtimolli muammolarni hal etishga qaratilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga ariza va shikoyatlarni 8 (800) 200-1818 telefon raqamlariga qo’ng’iroq qilgan holda yuborish ham mumkin (qo’ng’iroq respublika bo’yicha bepul bo’lib, undan faqatgina statsionar telefonga qo’ng’iroq qilish narxi bo’yicha haq olinadi).

«Har bir murojaat ro’yxatdan o’tkaziladi va nazoratga olinadi. Barcha yuborilgan murojaatlar bo’yicha tegishli choralar ko’riladi, takliflar esa tegishli vazirlik va idoralarning faoliyatida e’tiborga olinadi. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzishda aybdor bo’lgan shaxslar javobgarlikka tortiladi», — deb ta'kidlangan portal bergan axborotda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-yanvarida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 2013-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag’ishlab o’tkazilgan yig’ilishda Prezident Islom Karimov biznes yuritish uchun amaliy qulay sharoit tug‘dirib berish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish hukumatning 2014-yilda real iqtisodiyotni isloh etishda eng muhim yo‘nalishiga aylanmog‘i zarur ekanligini aytgan edi.

«Mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitining bugungi holati erkin bozor iqtisodiyotining talab va prinsiplari, umumiy xalqaro normalarga to‘liq javob bermaydi, — deb aytgan yig‘ilishda mamlakat rahbari. -Tadbirkorlarimiz qishloq joylarda energiya ta’minotining beqarorligiga, ishlab chiqarish va yo‘l infratuzilmasining kerakli darajada rivojlanmaganiga, tekshiruvlarning ko‘pligiga, shuningdek, joylarda ijro intizomining nisbatan pastligiga haligacha duch kelmoqda».

O‘sha kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi majlisining qarorida mas'ul vazirlik va idoralarga ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish uchun turli ruxsat berish tartibotlarining muddatlarini yanada qisqartirish, ularni soddalashtirish va arzonlashtirish, tadbirkorlik yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha takliflar kiritish topshirilgan.

Shuningdek, ruxsat berish va litsenziyalash tartibotlarini rasmiylashtirishni elektron shaklga o‘tkazishni jadallashtirish, kommunal xizmatlarni, shuningdek, soliq solish va bojxonada rasmiylashtirish xizmatlarini interaktiv tarzda ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni tezlashtirish topshirilgan.

Hujjatda viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining biznesni yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi roli va mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor ham qaratilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi rahbarlari zimmasiga «hisobotlarni taqdim etish va hujjatlar aylanishining elektron shakliga to‘liq o‘tish» yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklangan.