O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi kelishilgan o‘yinlarga qarshi ayovsiz kurashish orqali futbolda tozalash ishlari olib borilishi haqida Qaror qabul qildi.

O‘FF matbuot xizmatining Twitter'da xabar berishicha, Ijroiya Qo‘mitasi majlisida kun tartibiga qo‘yilgan masalalar orasida kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashishga alohida urg‘u berildi.

Kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganlarni monitoring qilish bo‘yicha O‘zbekiston Professional Futbol Ligasida ishchi guruhi tuziladi.

«Biz qandaydir yutuqlarni qo‘lga kirityapmizu, o‘z qozonimizda qaynayotgan ayrim muammolarni esa, ko‘rmayapmiz», — deydi O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov yig‘ilishda.

«Bugungi kunda kelishilgan o‘yinlarning borligi haqida matbuot bekorga bong urmayapti. Buni o‘ylashimiz kerak», — deb aytdi Mirabror Usmonov.

OAVdagi chiqishlar va matbuotdagi maqolalarni ko‘rib, bu masala yuzasidan qat’iy chora-tadbirlan belgilanishini tavsiya qildi Usmonov. Shuningdek, Mirabror Usmonov mahalliychilik, tanish-bilishchilik va urug‘-aymoqchilik holatlariga yo‘l qo‘yilmaslik masalasiga ham alohida to‘xtaldi.

«Futbolchilar ro‘yxatini murabbiy tuzadi, tuzaversin, marhamat. Murabbiyning ishiga aralashmaymiz. Haqqimiz yo‘q, — deydi O‘FF Prezidenti. — Lekin, mana shu yerda tanish-bilishchilik, mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik bo‘lsa, biz bunga jim qarab turolmaymiz. Odillik bo‘lsin. Hech kim kimningdir qarindoshi bo‘lganligi sabab terma jamoaga kelishiga yo‘l qo‘ymaymiz».

Ijroiya Qo‘mita a’zolari ko‘rib chiqqan masalalarni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi va qaror qabul qildi. Qarorga ko‘ra, bu kabi illatlarni oldini olish va nazorat qilish uchun 1- fevralga qadar bir necha mutaxassislardan iborat guruh tuziladi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoalariga nomzod futbolchilarni jalb qilishning yangi tartibi ishlab chiqiladi.

O‘FF Ijroqo‘mi FIFA va OFK reglamentiga to‘la javob bera oladigan, zamonaviy futzal saroyini qurish bo‘yicha ham qaror qabul qildi. Shuningdek, bolalar-o‘smirlar futbolini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida yangi boshqarma ham tashkil etiladi.