22-yanvar kuni Prezident Islom Karimov O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Qarorda O‘zbek Milliy akademik drama teatrining nafaqat mamlakatning, balki O‘rta Osiyo mintaqasida professional teatr san’atiga asos solish va uni rivojlantirish, xalqning boy madaniy merosi va an’analarini asrab-avaylash, yurtdoshlar, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida kamol toptirish, yosh iste’dodlarni tarbiyalash borasidagi ulkan xizmatlari qayd etilgan.

Qaror bilan O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzilib, unga bir oy muddatda mazkur sanaga munosib tayyorgarlik ko‘rish hamda uni yuksak darajada o‘tkazish topshirilgan.

Tadbirlar rejasida teatr binosini kapital ta’mirlash, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlash hamda hududini obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, teatr haqida kitob-albomi chop etiladi va hujjatli film yaratiladi. «O‘zbekiston teatr san’ati: tarix, taraqqiyot va istiqbol» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ham o‘tkaziladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda teatr faoliyatiga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etiladi.

2014-yilning sentabr oyida O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosida mamlakat teatrlari vakillari va faxriylari, madaniyat va san’at namoyandalari, keng jamoatchilik ishtirokida ushbu sanaga bag‘ishlangan badiiy kechalar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

Tеatr «Turon» truppasi sifatida 1914- yil 27- fеvralda «Padarkush» (Mahmudxo‘ja Bеhbudiy asari) spеktaklini namoyish etish bilan tashkil topgan. 1929- yili tеatrga Xamza nomi, 1933- yili Akadеmik maqomi bеrilgan va Xamza nomidagi o’zbеk davlat akadеmik drama tеatri dеb yuritilgan.2001- yil «O’zbеk Milliy akadеmik drama tеatri» nomi bеrildi.

Mahmudxo‘ja Bеhbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Cho’lpon, G’ulom Zafariy, Qozi Yunus, Mannon Uyg’ur, Еtim Bobojonov kabi ijodkorlar yangi tеatrning asoschilari bo’lib tarixga kirgan.