Yosh sportchi Taxmina Ikromova AQSh'ning Mayami shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha «Gold Coast International Cup 2014» an’nanaviy xalqaro turnirida uchta medalga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasining axborot xizmati xabar berishicha, uchinchi bor tashkil etilgan musobaqada AQSh, O‘zbekiston, Kanada, Rossiya, Ukraina kabi o‘nga yaqin davlatdan kelgan yosh badiiy gimnastikachilar g‘oliblik uchun kurash olib bordilar.

Mazkur xalqaro turnirda Vatanimiz sharafini samarqandlik badiiy gimnastikachi qizlar — Taxmina Ikromova, Farzona Usmonova, Maftuna Muhitdinova, Bahora Adhamova, Shahrizoda Qayumova, Sulton Rasulova, Nuriniso Usmonova va Maftuna Shamsiyeva himoya qilishdi.

Uch kunlik musobaqalar yakunlariga ko‘ra iste’dodli sportchi Taxmina Ikromova predmetlarsiz bajariladigan mashqda oltin, obruch va koptok bilan bajariladigan mashqlarda esa kumush medal sovrindori bo‘ldi.

Bundan tashqari Taxmina Ikromova ko‘pkurash musobaqalarida ham o‘z iqtidorini namoyish etib, eng yuqori ballga sazovor bo‘ldi va yana bir bor oltin medal bilan taqdirlandi.