2014-yilga mo‘ljallangan keng ko‘lamli dasturiy maqsad va vazifalar islohotlarni yanada chuqurlashtirish, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan muammolarni yechish uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etishni talab qiladi. Bu haqda Prezident Islom Karimov 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishida aytdi.

«So‘z, birinchi navbatda, mamlakatimizda tom ma’nodagi raqobat muhitini shakllantirish haqida bormoqda. Ma’lumki, bunday muhit ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash va modernizatsiya qilish, jahon bozorlariga chiqish yo‘lida hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi»- deb izohladi davlar rahbari.

«Bugun shuni tan olishimiz kerakki, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar zamonaviy talablarga hali-beri to‘liq javob bermaydi. Biz hanuzgacha eskicha fikrlash qolipidan chiqa olmayapmiz, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan, eski va yaroqsiz planli-taqsimot tizimi qoldiqlari, afsuski, butunlay barham topgani yo‘q. Keskin raqobat sharoitida soliq imtiyozlari va proteksionistik choralar hisobidan yashash mumkin, degan noto‘g‘ri qarash miyamizga chuqur o‘rnashib qolgan», — deb ta’kidladi Prezident.

«Bunday choralar, avvalo, korxonalar manfaatiga zarar yetkazib, ularning daromadini kamaytirish bilan birga, davlat byudjetiga sezilarli ravishda ziyon yetkazishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Eng muhimi, har qanday imtiyoz va preferensiyaning umri uzoq emasligini esimizdan chiqarmasligimiz zarur, — deb alohida ta’kidladi u. — Faqat shunday imtiyoz va preferensiyalarga tayanib qolgan korxonalar ochiq iqtisodiyot sharoitida xorijiy kompaniyalar bilan nafaqat tashqi, balki ichki bozorda ham raqobatlasha olmaydi».

«Bu masala bo‘yicha tushuntirish va izoh berib o‘tirishning davri o‘tdi, eskicha boshqarish qoliplari va usullaridan qutula olmayotgan rahbarlardan qat’iy voz kechadigan vaqt keldi. Bugun hayotning o‘zi korxona va birlashmalarni boshqarishda zamonaviy fikrlaydigan, puxta tayyorgarlikka ega bo‘lgan menejerlarga tayanishni talab etmoqda», — deb aytdi Islom Karimov.

«Hech kimga sir emaski, ishlab chiqarish xarajatlarining yuqori ekani, tayyorlanayotgan mahsulotlarning material va energiyani ko‘p talab qilishi va avvalo iqtisodiyot real sektori tarmoqlarining texnologik jihatdan qoloqligi bugungi kunda raqobatdoshlikni oshirishda jiddiy to‘siq bo‘lmoqda», — deb ta’kidladi mamlakat rahbari.

O‘zbekistonda 500 dan ortiq real sektor korxonasida ishlatilayotgan 160 mingdan ziyod uskuna bo‘yicha o‘tkazilgan texnik audit natijalari shuni ko‘rsatdiki, ana shu uskunalarning 30 foizdan ortig‘i eskirib ketgan. Jumladan, elektr texnika sanoatida uskunalarning 44 foizi, mashinasozlik tarmog‘ida 37 foizi, kimyo sanoatida 21 foizi, qurilish materiallari ishlab chiqarishda 20 foizi, oziq-ovqat sanoatida 19 foizi, yengil sanoatda 8 foizi eskirganligini qayd etdi Prezident.

2009-2013-yillarda samarasiz ishlayotgan 172 ta korxona tijorat banklari balansiga o‘tkazildi. Ularning 112 tasida ishlab chiqarish faoliyati tiklandi va yangi mulkdorlarga sotildi. Banklar balansida qolgan korxonalarning 43 tasida esa ishlab chiqarish faoliyati tiklandi, yana 17 ta korxonada bu borada ish olib borilmoqda.

Shu korxonalarda modernizatsiya va ishlab chiqarish faoliyatini tiklash jarayonlarini amalga oshirish uchun 316 milliard so‘m hajmidagi investitsiya kiritildi va buning natijasida 9 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Bugungi kunda 140 dan ortiq korxona zarar ko‘rib ishlamoqda. Ularning 67 tasi yirik korxonalar bo‘lib, 10 tasi sanoat sohasiga, jumladan, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, kimyo, elektr texnika va farmatsevtika sanoati tarmoqlariga tegishlidir, deb aytdi Islom Karimov.

«Masalan, Toshkent traktor zavodi, „Agregat zavodi“, „Chirchiqqishloqmash“, „O‘zpaxtamash“ ochiq aksiyadorlik jamiyatlari og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan. „Samarqand kimyo zavodi“, „Jizzax plastmassa“ ochiq aksiyadorlik jamiyatlari kabi yirik kimyo sanoati korxonalari, shuningdek, mamlakatimizda turli yoritish vositalariga ehtiyoj katta ekaniga qaramasdan, Toshkent shahridagi „Oniks“ ochiq aksiyadorlik jamiyatida ham ahvol qoniqarli emas», — deb aytdi u.

Kommunal sohada 26 ta zarar ko‘rib ishlayotgan korxona, shu bilan birga, yo‘l qurilishi sohasida 13 ta iqtisodiy nochor korxona mavjud ekani ham tashvish uyg‘otishini bildirdi Prezident.

Prezident Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot vazirligiga, Moliya vazirligiga, manfaatdor tuzilmalarni jalb etgan holda 3 oylik muddatda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan korxonalar bo‘yicha ularni moliyaviy inqirozdan va bankrotlikdan chiqarish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» deb ataladigan dasturlarni ishlab chiqishni va tasdiqlashni topshirdi.

«Bunday chora-tadbirlarni qo‘llash foydasiz bo‘lgan korxonalarni esa nol qiymati bo‘yicha xususiy jismoniy shaxslarga sotish masalasi ko‘rib chiqilsin», — deb aytdi Islom Karimov.

«Bugungi kunda xususiy mulk shaklidagi korxona davlat mulki bo‘lgan korxonadan ko‘ra ancha samarali ishlashini isbotlab o‘tirishning zarurati bo‘lmasa kerak. Tan olish kerakki, bu haqda gapirganda, ba’zan xususiy mulk tushunchasini nodavlat mulkka asoslangan korxonalar tushunchasi bilan chalkashtiramiz. Mazkur ta’riflarga qat’iy aniqlik kiritish va eng muhimi, qonunlarimizga muvofiq ravishda iqtisodiyotda xususiy mulkning ustuvorligini amalda ta’minlash, uni qo‘llab-quvvatlash va daxlsizligini kafolatlash darkor», — deb yakunladi Prezident.