Prezident Islom Karimov elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni joriy etish va eng qisqa muddatlarda bu boradagi g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etishga chaqirdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Islom Karimov 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishida so‘zlagan nutqida elektron tijoratni yanada rivojlantirish zarur ekanligini alohida ta'kidladi.

«Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni joriy etish muhim ahamiyatga ega. Hozirgi paytda mamlakatimizda 10 milliondan ziyod plastik kartochka muomalaga chiqarilgan bo‘lib, ularning qariyb 2 million 500 mingtasi onlayn kartochkalardir. Bugungi kunda telekommunikatsiya va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni Internet orqali to‘lash mumkin. Eng qisqa muddatlarda bu boradagi g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish, ushbu sohani yanada rivojlantirish kerak», — deb aytdi Prezident.

Islom Karimov Markaziy bank, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitalariga boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga elektron tijoratni kengaytirishga doir takliflarni kiritishni va 2004-yilda qabul qilingan va bugungi kun talablariga javob bermay qolgan «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasini tayyorlashni topshirdi.