Pokuratura organlari hamda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti xodimlariga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari beriladi hamda uy-joylarni ijaraga olganlik uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanadi.

2013- yilning kuzidan bunday imtiyozlarga Konstitutsiyaviy sud, umumiy yurisdiksiya sudlari yoki xo‘jalik sudi sudyalari ega edilar. Yangilangan nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan 7- yanvarda qabul qilindi. O'zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2013- yil 13- noyabrdagi qaroriga muvofiq kiritilgan.

Ipoteka krediti sudyalarga, prokuratura organlari xodimlariga kamida 10 yil muddatga beriladi.Tijorat banki tomonidan beriladigan ipoteka krediti miqdori ipoteka krediti olish uchun buyurtmanoma berilgan kunda respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqining 2000 baravaridan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Tijorat banki tomonidan beriladigan ipoteka krediti miqdori sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartira qiymatining 75 foizidan oshishi mumkin emas. Sudya, prokuratura organlari xodimi tijorat bankidan ipoteka krediti olish uchun sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi o‘z mablag‘iga ega bo‘lishi kerak.

Uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi doimiy yashash joyidan tashqari mintaqada lavozimga tayinlangan (saylangan) hamda uy-joylar bilan ta’minlanmagan sudyalarga, prokuratura organlari xodimlariga amaldagi sarf-xarajatlar doirasida (kommunal xizmatlar haqi bundan mustasno) to‘lanadi.

Ijara uchun to‘lanadigan kompensatsyaning eng ko‘p miqdori Toshkent shahrida — eng kam oylik ish haqining to‘rt baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida — eng kam oylik ish haqining uch baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, O‘zbekiston Respublikasining boshqa shaharlari va tumanlar markazlarida — eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda deb belgilandi.

Sudyalarga pul kompensatsiyasi to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplanadi. Prokuratura organlari xodimlariga pul kompensatsiyasi to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.