15 yanvar kuni Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasida Yaponiyaning Ichki ishlar va kommunikatsiya vaziri o‘rinbosari, Parlament deputati Yoko Kamikava bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Qo‘mitaning axborot xizmati xabar berishicha, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda Yaponiyaning Ichki ishlar va kommunikatsiya vazirligi o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan Memorandum imzolandi.

Mazkur hujjatda AKT sohasini yanada rivojlantirishga oid loyihalar ishlab chiqish, shu yo‘nalishda fikr va tajriba almashish, har ikki mamlakatdagi soha ishlab chiqaruvchilari, tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, davlat va sanoat sektorini axborot texnologiyalari sohasida mamlakatlar salohiyati bilan tanishtirish maqsadida biznes-konferensiyalar, o‘quvlar tashkil etish va boshqa bir qator muayyan chora-tadbirlar belgilab olingan.

Uchrashuvda tomonlar telekommunikatsiya sohasida O‘zbekiston-Yaponiya o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik aloqalari, o‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistonning telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga doir qator yirik chora-tadbirlar, xususan, OECF(Dengizorti iqtisodiy hamkorlik fondi), Yaponiya xalqaro hamkorlik banki(JBIC)ning imtiyozli moliyalashtirilgan loyihalarning samarasiga e’tibor qaratishdi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining telekommunikatsiya tarmoqlarini raqamlashtirishda ko‘p yillik hamkorlaridan hisoblanuvchi yapon korporatsiyalarining bugungi kunda mamlakatda raqamli televideniye va raqamli teleuzatish texnologiyalari rivojiga qo‘shayotgan hissasi ham ta’kidlandi.