Velosport bo‘yicha xalqaro musobaqalar g‘olibi va bir necha bor O‘zbekiston chempioni Vladimir To‘ychiyev Gonkongda o‘tkazilgan xalqaro Kubok bahsining jamoalar o‘rtasidagi velotrek poygasida (elit turkumida) ochkolar bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Gazeta.uz'ga O‘zbekiston velosport federatsiyasining axborot xizmati xabar berdi.

10-12- yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur xalqaro musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Vladimir To‘ychiyev, Dmitriy Lazovoy, Timur Gumerov, Alla Bezuglova va Yekaterina Knebelovalar qatnashgan edi.

Xalqaro velosipedchilar uyushmasi (UCI) tasnifi bo‘yicha, Gonkong Kubogi «Class 1» kategoriyasiga to‘g‘ri kelib, unda ishtirok etgan sportchilar ham milliy terma jamoa, ham shaxsiy hisobdagi ochkolar reytingini oshirish imkoniga egadirlar.

Gonkong Kubogida o‘nta mamlakat vakillari qantashgan edilar. O‘zbekiston velosportchilari skretch, omnium va ochkolar bo‘yicha guruh poygalarida bahs olib borishdi.