13-17- yanvar kunlari Toshkent shahrining «O‘zekspomarkaz» binosida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan 5 kunlik ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tadi.

DSQ axborot xizmatining ta'kidlashicha, seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad, soliq va byudjet siyosatining 2014 yilgi asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib, soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatidan tadbirkorlik sub’ektlari vakillarini xabardor qilib borishdan iboratdir.

Ma’lumki, 2013- yilning yakunlanishi arafasida soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari doirasida bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Moliya vazirligi, Bosh prokuratura, Bosh Prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti hamda boshqa mutasaddi vazirlik, idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etgan ko‘rgazmali seminarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari tomonidan o‘rtaga tashlangan barcha muammoli savollarga mutasaddi xodimlar tomonidan batafsil javoblar beriladi.

Tadbirda shuningdek, soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida ado etib kelayotgan namunali soliq to‘lovchilarning bir guruhiga Davlat soliq qo‘mitasining faxriy yorliqlari topshirildi.