12- yanvar kuni Ummonda O‘zbekiston va Xitoy yoshlar terma jamoalari o‘rtasida Osiyo chempionati D guruh bosqiching ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiya matbuot xizmati o‘z Twitter'i orqali xabar berdi.

O‘zbekistonliklar o‘zlarining birinchi o‘yinlarida Xitoy ustidan 2:1 hisob bilan irodali g‘alabaga erisha oldi.

34- daqiqada Yang Chaosheng gol kiritib Xitoyliklar foydasiga hisobni ochdi.

Ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston terma jamoasida gol urish uchun bir-necha yaqqol vaziyat bo‘lgan edi. Bu imkoniyatlarning biridan 90-daqiqada jamoa sardori Yegor Krimets aniq foydalanib qoldi va hisobni tenglashtirdi. Qo‘shib berilgan vaqtning 4-daqiqasida Igor Sergeev ikkinchi golni kiritib, O‘zbekistonliklar g‘alabasini ta’minlab berdi.

Guruhda ikkinchi uchrashuv Iroq terma jamoasi bilan 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi, 16-yanvarga esa Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin rejalashtirilgan.

AFC U-22, Ummon, D guruhi: O‘zbekiston-Xitoy — 2:1. Gol mualliflari: Yegor Krimets (90), Igor Sergeev (90+4) — Yang Chaosheng (34).