2014- yilda jismoniy shaxslarga soliq solish yo‘nalishida kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida Davlat soliq qo‘mitasi batafsil ma'lumot taqdim etdi.

Qo‘mita matbuot xizmatining ta'kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013- yil 25- dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2014 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi qarori bilan jismoniy shaxslarga soliq solish yo‘nalishida soliq qonunchiligiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasining quyi shkalasi:

— eng kam oylik ish haqining 5 baravarigacha bo‘lgan daromadlari 8 foizdan 7,5 foizga;

— eng kam ish haqining besh baravaridan (+1 so‘m) o‘n baravarigacha miqdorda 16 foiz;

— eng kam ish haqining o‘n baravaridan (+1 so‘m) va undan yuqori miqdorda 22 foizga deb belgilandi.

Shu bilan birga, soliqqa tortiladigan shkalalar soliq solinadigan daromad guruhlari bo‘yicha yil boshiga — 2014- yil 1- yanvar holatiga (96 105 so‘m) belgilangan eng kam oylik ish haqi asosida aniqlanadi hamda yil mobaynida eng kam oylik ish haqi o‘zgargan taqdirda ham qayta hisob qilinmaydi.

2013- yildagi, uy-joyning 1 metr kvadrati uchun (umumiy maydondan kelib chiqib) ijara to‘lovining eng kam miqdorini uning joylashgan joyiga qarab belgilangan tabaqalashgan miqdorlari o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu Toshkent shahrida — 3,0 ming so‘m, Nukus shahri va viloyatga bo‘ysunadigan shaharlarda — 2,0 ming so‘m, boshqa aholi punktlari — 1,0 ming so‘mni tashkil etadi.

Shu kabi, 2014- yildan boshlab, noturar joylarning 1 metr kvadrati uchun (umumiy maydondan kelib chiqib) ijara to‘lovining eng kam miqdorini uning joylashgan joyiga qarab tabaqalashgan miqdorlari belgilandi. (Toshkent shahrida — 6,0 ming so‘m; Nukus shahri va viloyatga bo‘ysunadigan shaharlarda — 4,0 ming so‘m; Boshqa aholi punktlari — 2,0 ming so‘m).

Shuningdek, 2014- yildan avtotransport vositalari uchun ijara to‘lovining eng kam miqdorlari quyidagicha belgilandi:

— yengil avtomobillar (yo‘lovchi, yuk tashish uchun mo‘ljallangan va haydovchi o‘rindig‘ini hisobga olmagan holda 8 ta o‘rindiqqacha bo‘lgan avtotransport vositalari) 1 ta avtotransport vositasi uchun 220 ming so‘m;

— mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk tashish avtomobillar uchun 430 ming so‘m.