4-yanvar kuni taniqli o‘zbek adibi, jurnalist va munaqqid Ahmad A’zam olamdan o‘tdi. Bu haqda shoir Khurshid Davron saytida xabar berilgan.

Ahmad A’zam — yozuvchi, munaqqid. 1949- yili Samarqand viloyati, Jomboy tumanidagi G‘azira qishlog‘ida tug‘ilgan. 1971- yili Samarqand davlat universitetining o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetini bitirgan. Shu yili Alisher Navoiy nomidagi muzeyda ish boshlagan. Keyin «Guliston» jurnali, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, «Sovet O‘zbekistoni san’ati» jurnali redaksiyalarida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlagan, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullangan, Oliy Majlis deputatligiga saylangan (1999-2004- yillar).

1995- yildan O‘zbekiston televideniyesida bosh muharrir, «O‘zbekiston» telekanali bosh direktori, «O‘zbektelefilm» studiyasi bosh direktori lavozimlarida ishlagan.

«Oyning gardishi», «Bu kunning davomi», «Asqartog‘ tomonlarda», «Soyasini yo‘qotgan odam», «Hali hayot bor» degan nasriy asarlar, «Mas’ul so‘z» degan adabiy-tanqidiy maqolalar to‘plamlari, «O‘zi uylanmagan sovchi», «Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar» romanlari chop etilgan.