Davlat bojxona qo’mitasi tomonidan O’zbekiston hududidan tovar va tarnsport vositalari, kontrabanda ashyolarining noqonuniy olib o’tilishiga qarshi keng ko’lamdagi chora-tadbirlar ko’rilmoqda. Shunga qaramay, respublikamiz hududidan tovarlar va transoprt vositalarining tranzit tarzida olib o’tish chog’ida xalqaro shartnomalarda va qonun hujjatlarida belgilangan tartiblarni buzishga urinishlar hamon uchramoqda, deb xabar bermoqda qo'mita axborot xizmati.

Jumladan, bojxonachilar Yevropa mamlakatlarida o’g’irlangan avtotransport vositalarining respublikam hududida noqonuniy tranzitini amalga oshirish bo’yicha bir qator qonunbuzarliklarni fosh qilishdi. Aniqlangan holatlarni tahlil qilar ekanmiz, Tojikistonga yo’l olgan o’g’irlangan mashinalar temir yo’l orqali konteynerlarda o’zgartirilgan raqamlar va qalbaki hujjatlar asosida Boltiqbo’yi mamlakatlari, xususan Latviya va Litvadan «eksport» qilinmoqda.

Masalan, 2013- yilning 7- yanvar kuni Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda «Bekobod temir yo’l» bojxona postida yurtimizdan tranzit tarzida Tojikistonga o’tayotgan yuk poezdining Litvadan Tojikiston fuqarosi nomiga yuborilgan vagoni o’rnatilgan tartibda bojxona ko’rigidan o’tkazilganda, unda yuk-kuzatuv hujjatlarida qayd qilinmagan 8 dona qimmatbaho avtomashinalar borligi aniqlandi. Honda va BMW kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur engil mashinalarning umumiy qiymati 1 mlrd 350 mln so’mdan oshishi aniqlandi.

2013- yil 23- avgust kuni mazkur viloyatdagi «O’zbekiston» temir yo’l chegara bojxona postida Tojikiston Respublikasiga tranzit tarzida o’tish uchun kelib to’xtagan yuk poezdi tarkibidagi vagonlardan birida yuk-kuzatuv hujjatlarida qayd qilinmagan 3 dona «Range Rover» hamda bir donadan «BMW 550i» va «Opel Astra» rusumli avtomashinalar noqonuniy ravishda olib o’tilayotganligi aniqlandi. Tojikistonlik nomiga yuborilgan mazkur transport vositalarining umumiy qiymati 800 mln so’mni tashkil qilar ekan.

Shuningdek, o’tgan yilning 8- aprel kuni sirdaryolik bojxonachilar tomonidan «Oqoltin» temir yo’l bekatida aniqlangan yana bir qonunbuzarlik holatida Litvadan yo’l olgan «Lexus RX450H» va «Honda» avtomashinalari yuk-kuzatuv hujjatlarida qayd qilinmagan holda yashirin ravishda olib o’tilayotganligi sababli, tojikistonlik S.Yusupovgacha etib bora olmadi.

Ayni shu erda xuddi shu kabi yana bir qonunbuzilish holati 2013- yil 14- may kuni fosh qilindi. Respublika hududidan Tojikiston Respublikasiga tranzit tarzida o’tayotgan yuk poezdi vagonalaridan birida bu gal xo’jandlik nomiga qiymati 750 mln. so’mlik 2 dona «BMW X6» hamda 1 donadan «BMW X5» va «Honda» avtomashinalari amaldagi tartiblarga zid ravishda olib o’tilayotganligi aniqlandi.

Interpolning O’zbekistondagi bo’limi bilan hamkorlikda o’tkazilgan tekshiruvlarga ko’ra yuqorida ta’kidlangan avtotransport vositalarining barchasi Yevropa davlatlari hududidan o’g’irlangan. Ayni paytda qonunbuzarlarga nisbatan O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan tegishli protsessual jarayonlar amalga oshirilmoqda.

«Ko’rinib turibdiki, uyushgan jinoiy guruhlar nafaqat bir davlat yoki mintaqa bo’ylab, balki halqaro darajada aloqalarga ega bo’lishgan va o’z qing’ir qilmishlarini amalga oshirishgan. Ular tovar-moddiy boyliklar va trasport vositalarini noqonuniy olib o’tishning yashirin mexanizmi va »kanal"larini yaratishgan va kuchaytirib borishgan", — deb ta'kidlangan DBQ bayonotida.