Samarqand viloyati va Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi o‘rtasida birodarlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Samarqand shahrida Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o‘rtasida birodarlik memorandumi imzolash marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda O'zA.

Tadbirda Shensi provinsiyasi gubernatorining o‘rinbosari Chjuan Chansin va boshqalar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

Samarqand viloyatida Xitoy kapitali ishtirokida 29 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Mazkur korxonalar tomonidan qurilish materiallari, yengil sanoat, poyabzal, kimyo mahsulotlari, qadoqlash materiallari, motorollerlar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Marosimda Shensi provinsiyasi va Samarqand viloyati o‘rtasida iqtisodiyot, madaniyat, turizm, ilm-fan sohalarida hamkorlikni mustahkamlash uchun imkoniyat va salohiyat yetarli ekani ta’kidlandi.

Xitoylik mehmonlar Samarqand shahrining tarixiy obidalari va istiqlol yillarida bunyod etilgan zamonaviy inshootlar bilan tanishdi.