27-dekabr kuni Prezident Islom Karimov O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligini mamlakat miqyosida keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi.

Qarorga ko'ra, 2014-yilda shoirning «Saylanma» asarlari, «Muhammad Yusuf zamondoshlari xotirasida» to‘plami chop etiladi, shoirning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratiladi.

Shuningdek, tadbirlar rejasida oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san’atkorlar ishtirokida shoir ijodiga bag‘ishlangan uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish ko'zda tutilgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf yashagan Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Pushkin-Solor ko‘chasi, 1-uyda yodgorlik lavhasi o‘rnatilib, aprel oyining oxirida O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosida shoir xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkaziladi.

Muhammad Yusuf 1954-yil 26-aprelda Andijonning Marhamat tumanida tug’ildi. Toshkentdagi rus tili va adabiyoti institutini tamomladi (1978).

U «Tanish teraklar» (1985), «Bulbulga bir gapim bor» (1987), «Iltijo» (1988), «Uyqudagi qiz» (1989), «Halima enam allalari» (1989), «Ishq kemasi» (1990), «Ko’nglimdagi yor» (1991), «Bevafo ko’p ekan» (1991), «Erka kiyik» (1992), «Yolg’onchi yor» (1994), «Osmonimga olib ketaman» (1998) to’plamlarining muallifi. 1998-yilda unga «O’zbekiston xalq shoiri» unvoni berildi.

Muhammad Yusuf II chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga deputat etib saylangan. 2001-yilda uning «Saylanma» asarlari chop etildi. Shoir 2001-yil 29-iyulda vafot etdi. U tug’ilgan qishlog’idagi qabristonga dafn etildi.