Joriy yilning 17-20 dekabr kunlari O’zbekiston Respublikasi Hukumati delegatsiyasining Koreya Respublikasiga qilgan tashrifi doirasida, O’zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi va Koreyaning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o’rtasida Hamfikrlik memorandumi imzolandi.

Qo'mita matbuot markazi xabar berishicha, mazkur Memorandumni imzolashdan ko’zlangan maqsad — iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida O’zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o’rtasida hamkorlik munosabatlarini o’rnatish, ularni rivojlantirish va qo’llab-quvvatlashdan iborat.

Sohadagi xalqaro amaliyotni o’rganish, metodologik bazani takomillashtirish, texnik ko’mak bo’yicha loyihalarni amalga oshirish, axborot va ma’lumot almashish, maslahat xizmatlarini ko’rsatish, malaka oshirish bo’yicha treninglar, seminarlar va konferentsiyalarni tashkil etish har ikkala davlat idorasi o’rtasida imzolangan Memorandum doirasidagi hamkorlikning asosiy yo’nalishlari hisoblanadi.

Shuningdek, asosiy e’tibor har ikkala davlatning jamoat tashkilotlari va birlashmalari o’rtasida aloqalarni o’rnatilishiga ham qaratiladi.