23-dekabr kuni O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining yil yakunlariga va 2013 yil laureatlarini taqdirlashiga bag‘ishlangan tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.

Federatsya matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, marosimda to‘qqiz nominatsiya bo‘yicha eng yaxshilar aniqlanib, sovrinlar topshirildi.

O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasining bir yo‘la uch nafar futbolchisi — Akobir To‘rayev, Jamshid Boltaboyev va Izzatilla Abdullayevlar «Yilning eng yaxshi yosh o‘yinchisi» yo‘nalishida g‘olib deb topildi.

O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliyev «Yilning futbol bo‘yicha eng yaxshi bolalar murabbiyi» nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

«Fair Play — Halol o‘yin» nominatsiyasida Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi g‘olib chiqdi. Jamoa futbolchilari mavsum davomida hakamlar tomonidan 45 marta ogohlantirilgan bo‘lsa-da, biroq hakamlar ushbu jamoa futbolchilariga biror marta qizil kartochka ko‘rsatishmadi.

Futbolchilarni ogohlantirish va maydondan chetlatish huquqiga ega bo‘lgan vakolatli shaxslar — futbol hakamlari orasida esa ketma-ket sakkizinchi marta Ravshan Ermatov «Yilning eng yaxshi hakami» deb topildi.

«Eng yaxshi matbuot xizmati» nominatsiyasi bo‘yicha «Nasaf» futbol klubi matbuot xizmatiga teng keladigani topilmadi.

Toshkentning «Bunyodkor» klubi ukrainalik hujumchisi Aleksandr Pishur 19ta gol bilan mavsum to‘purariga aylandi va o‘z-o‘zidan, O‘zbekiston Chempionati-2013ning «eng yaxshi to‘purari» sovrinini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Moskvaning «Lokomotiv» klubi himoyachisi Vitaliy Denisov OAV hodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning 2013 yildagi «eng yaxshi futbolchisi» deb topilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Milliy Chempionati bronza medali sohibi va O‘zbekiston Kubogi finalchisi Qarshining «Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev yilning «eng yaxshi murabbiyi» deb topildi.

Tantanali tadbir davomida 2013 yili o‘z yosh toifasida Tukriya va BAA davlatlarida tashkil etilgan jahon chempionati bahslarida chiroyli va muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatgan O‘zbekiston U-20 yoshlar va O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasi a’zolarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan, har ikkala terma jamoa murabbiylari, mos ravishda, Ahmadjon Musayev va Dilshod Nuraliyev «Chevrolet Malibu» rusumidagi avtomobillar bilan taqdirlanishdi.