O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov 19-dekabr kuni xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O'zA.

Oldin xabar qilganimizdek, sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.Normo'min Choriyev Surxondaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida boshqarma boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan Eshdavlat Jo‘rayev Surxondaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Sessiyada Islom Karimov nutq so‘zlar ekan, Surxondaryo viloyatida e’tiborga loyiq katta-katta o‘zgarishlar yuz bermoqda, deb ta’kidladi Islom Karimov. Keyingi yillarda zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, xizmat ko‘rsatish infratuzilmalari, ijtimoiy soha ob’ektlarini — yangi-yangi maktablar, litsey va kollejlar, musiqa va san’at maktablari, sog‘liqni saqlash va sport maskanlari barpo etilgan. Viloyatda 2013-yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot 9,4 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 6 foizga, qurilish ishlari qariyb 11 foizga, pullik xizmatlar 18,5 foizga o‘sdi.

Viloyatda iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarini yangilash, modernizatsiya qilish maqsadida 2005-2013-yillar mobaynida barcha manbalar hisobidan 2 milliard 877 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Prezident viloyatda erishilgan yutuqlarni qayd etish bilan birga, yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchilik va nuqsonlar, mavjud muammolar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Sessiyada xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi deputati, «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Orziqul Soatov, Termiz davlat universiteti o‘qituvchilari G‘ayrat Rasulov va Gulnora Alimatova, Sherobod tumanidagi «Abrayev Eshboy» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari To‘ramurod Abrayev va boshqalar so‘zga chiqib, Prezidentimiz nutqida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari har tomonlama chuqur tahlil etilib, kelgusidagi dolzarb vazifalar belgilab berilganini, voha ahli bildirilgan tanqidiy fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, barcha soha va tarmoqlar bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni izchil amalga oshirish uchun astoydil mehnat qiladi, deb ta’kidladi.

Prezidentimiz Islom Karimov shu kuni «Hayraton» chegara majmuasiga tashrif buyurib, ofitser va askarlar bilan muloqotda bo‘ldi.