Joriy yilning 31-dekabr kunidan boshlab Buyuk Britaniyaga uzun muddatga tashrif buyuradigan O’zbekiston rezidentlari viza arizasini topshirishdan oldin silga tekshirilishi shart. Bu haqda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi xabar bermoqda.

Buyuk Britaniyaga 6 oy yoki undan uzoq muddatga tashrif buyurmoqchi bo’lganlar sil kasalligiga chalinmaganligini qayd etish uchun maxsus tibbiy ko’rikdan o’tishi lozim. Agar viza arizasi 31 dekabrdan oldin topshirilgan bo'lsa — tibbiy ko’rikdan o’tish shart emas.

Yangi tartib Buyuk Britaniyaga sayohatchi (turist) sifatida yoki boshqa maqsadda qisqa muddatga kelayotgan mehmonlarga tarqalmaydi.Yagona istisno bu qalliq vizasiga (turmushi rasmiy qayd etilmagan kelin/kuyovlar vizasi) topshirgan arizachilardir.

Tibbiy ko’rik haqida va O’zbekistondagi bunday ko’rik amalga oshiriladigan tibbiy muassasa haqida batafsil ma’lumot Buyuk Britaniya Ichki Ishlar Vazirligining vebsaytida mavjud.

Bunday talab AQSh, Kanada va bir qator boshqa rivojlangan mamlakatlarda ham mavjud.