Bolgariya parlament delegatsiyasi 17-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda O'zA.

Delegatsiyaga «Bolgariya-O‘zbekiston» do‘stlik guruhi raisi Penko Atanasov rahbarlik qilmoqda.

Muloqotlar chog‘ida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston bilan Bolgariya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni ko‘plab sohalarda, jumladan, parlamentarizm yo‘nalishida ham rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Mehmonlarga O‘zbekistonning ikki palatali parlamenti faoliyati, parlamentarizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirishga doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda, — dedi Penko Atanasov. — Bolgariya O‘zbekiston bilan barcha jabhalarda, jumladan, parlamentarizm, savdo, iqtisodiyot, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor».