Istanbul shahrida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida IX jahon chempionati bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O'zA.

Turkiyaning Istanbul shahrida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tgan IX jahon chempionatida O‘zbekiston, Turkiya, AQSh, Gretsiya, Ukraina, Gruziya, Armaniston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy Taypeyi, Vetnam, Eron, Isroil, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Turkmaniston, Tojikiston, Afg‘oniston singari ellikdan ziyod mamlakatdan 400 nafarga yaqin sportchi o‘n besh vazn toifasida g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Erkaklar o‘rtasidagi 66 kilogramm vazndagi polvonlar bellashuvida hamyurtimiz Suhrob Xudoyberdiyev jahon chempioni bo‘ldi. Iqtidorli sportchimiz hal qiluvchi musobaqada tojikistonlik Ismoil Boymurodovni yengdi. Yana bir polvonimiz Fayoz Fayzullayev vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar o‘rtasidagi final bahsida gruziyalik Alika Naniyevi ustidan g‘alaba qozonib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Polvonlarimizdan Bektosh Safarov kumush, Zafar Bo‘riyev va Muhsin Hisomiddinov bronza medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Turkiya, Gruziya, Eron va Tojikiston kurashchilari ham oltin medal bilan taqdirlandi.

Xotin-qizlar bahsida Shohida Nazarova va Maftuna Esonova ikkinchi, Nodira Gulova va Dilfuza Temirova uchinchi o‘rinni egalladi. Turkiya, Isroil, Janubiy Koreya, Vetnam va Mo‘g‘uliston vakilalari o‘z vazn toifasida jahon chempioni bo‘ldi.