Vazirlar Mahkamasi 11-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror chiqardi.

Milliy markaz faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Markaz xodimlari soni 28 dan 34 nafargacha ko‘paytirildi.

Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun Markazga Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 309 mln so‘m ajratildi. Ushbu mablag‘ mebel va idora anjomlari, kompyuterlar va tashkiliy texnika bilan jihozlash, shuningdek «Malibu» va «Lasetti» yengil avtomobil sotib olish uchun mo‘ljallangan.

Undan tashqari, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi Markazni lokal tarmoq va Internet tarmog‘i bilan ta’minlaydi.

Markazning direktori «Toshkent» aeroportining VIP zalida bepul, direktorning o‘rinbosari esa -pulli asosda xizmat ko‘rsatilishi huquqiga ega bo‘ldi.

Xujjatga ko‘ra, Markaz direktorining o‘rinbosari va bo‘lim mudirlariga tibbiy xizmat ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Tibbiyot-sanitariya birlashmasi muassasalarida amalga oshiriladi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 1996 yilda tashkil topgan bo'lib, davlatga qarashli, tahlil, maslahat, idoralararo va muvofiqlashtirish organ hisoblanadi.

Markaz rahbari — Akmal Saidov, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasining raisi.