Yangi yil bayrami tadbirlarining yuqori saviyada, munosib va ko‘tarinki ruhda o‘tishini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zA muxbiriga bergan intervyuda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, polkovnik Rahmat Mamatov xabar berdi.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar, barcha shahar va tumanlar markazlarida, qishloq va mahallalarda, bayram tantanalari o‘tadigan hududlarda jamoat tartibini saqlash, favqulodda hodisalarning oldini olish, yong‘in hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yuzasidan alohida guruhlar ish olib bormoqda», — deydi Raxmatov.

Chegara hududlarida ichki ishlar idoralari xodimlarining xizmati kuchaytirilgan tartibda olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Shaharlar va tumanlar markazlarida ichki ishlar idoralari xodimlari va mahalla posbonlaridan iborat patrul guruhlarining hushyorligi va faolligi yanada oshirildi.

Bayramni tinch va osuda o‘tkazish uchun jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni yanada kuchaytirish, jamoat tartibini saqlash, jinoyat sodir etishga moyil shaxslarni aniqlab, ularga jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda ijobiy profilaktik ta’sir ko‘rsatish maqsadida «Tozalash — antiterror» tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda noxush holatlarning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mahalliy hokimliklar qoshidagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha maxsus komissiyalar a’zolaridan iborat guruhlar tashkil etilib, bayram bilan bog‘liq barcha ob’ektlarning texnik va yong‘in xavfsizligi holati atroflicha o‘rganib chiqilmoqda.

Transport vositalari harakatini tartibga solish, ayniqsa, chorrahalarda tirbandliklar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tegishli idoralar bilan birgalikda yo‘l belgilari, shu jumladan, svetoforlarning texnik holati o‘rganilib, nosozlari yangilariga almashtirildi.

Aholi punktlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash ishlari yanada kuchaytirildi.

Soliq idoralari, bojxona qo‘mitasi va jamoatchilik vakillaridan iborat maxsus guruhlar ishtirokida mamlakat hududida pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bu jarayonda chegara hududlarda harakatlanayotgan avtomashina va yo‘lovchilar, chegaralar yaqinida joylashgan do‘kon va savdo rastalari, xonadon va inshootlar tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.