O`zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo`mitasi (AATTDavQo`m) va O`zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi «Davlat xizmatlarini sifatini yaxshilash uchun elektron hukumatni rivojlantirish» qo`shma loyihasini tatbiq etishadi.

Elektron hukumat bo`yicha mazkur qo`shma loyiha o`z faoliyatini 2014-yilning yanvaridan boshlaydi va 2016-yilning dekabrigacha davom ettiradi. Loyiha uchun ajratilgan umumiy byudjet miqdori 1 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Davlat onlay-xizmatlarini ko`rsatishni takomillashtirish, idoralararo e-Hukumat faoliyatni yaxshilash va reinjiniring biznes-jarayonlarning samarali mexanizmlarini joriy qilish, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazini qo`llab-quvvatlash yo`li bilan e-Hukumatning institutsional rivojlanishini mustahkamlash qo`shma loyihaning asosiy yo`nalishlari sifatida belgilandi.

Yuqorida ta`kidlangan yo`nalishlarni amalga oshirish doirasida interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali (IDXYAP)ni yanada rivojlantirish, «Elektron hukumat to`g`risida»gi yangi qonun loyihasini ishlab chiqishga ko`maklashish, idoralararo o`zaro faoliyat tizimini mustahkamlash, davlat xizmatchilari, shu jumladan O`zbekistonda e-Hukumat tizimini joriy qilishni tezlashtirish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiquvchi «Elektron hukumat»ni rivojlantirish Markazining salohiyatini oshirish ko`zda tutilmoqda.

Oxirgi paytlarda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish O`zbekiston oldida turgan ustuvor vazifalardan biri bo`lib qolmoqda. Buning yaqqol dalili sifatida barcha davlat boshqaruvi sohalarida axborot kommunikatsion texnologiyalar (AKT)ni bosqichma-bosqich tatbiq qilish bo`yicha sezilarli islohotlarni ko`rsatib o`tish mumkin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov 2013 yilning yanvarida o`tkazilgan Hukumatning kengaytirilgan majlisida so`zga chiqib, AKT sohasidagi chora tadbirlar va loyihalarni amalga oshirishning tezlashtirilishi muhimligini alohida taъkidlab o`tdi. Xususan, qisqa muddat davomida nafaqat interaktiv axborot xizmatlarini ko`rsatish bo`yicha kamchiliklarni bartaraf qilish, balki mamlakatda AKTni qo`llash darajasi bo`yicha ilg`or mamlakatlar darajasiga ko`tarilishga alohida urg`u berildi.

Qo`shma loyihani amalga oshirish bo`yicha hamkorlar sifatida BMTTD, «UZINFOCOM» DUK, «UNICON.UZ» DUK, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, AT bo`yicha korxona va tashkilotlar uyushmasi, «CIB Group» kompaniyasi, «BePro» dasturchilar markazi, «O`zbektelekom» AK, MTRK va boshqalar faoliyat ko`rsatadilar.