O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi 16-dekabridan ikki yangi raqamli telekanalni test-sinov tariqasida efirga uzatishni boshladi. Bu haqda MTRK matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Oilaviy» telekanali «„O‛zbekiston“» teleradiokanali ijodiy bazasida tashkil etilib, e'tibor ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan sog‘lom zamonaviy avlodni rivojlantirishga qaratilgan yoshlar siyosati, jumladan, kirib kelayotgan 2014 yilning «Sog‘lom bola yili» deb nomlanishi bilan bog‘liq chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish jarayonlarini yoritishga qaratiladi.

Shuningdek, kanalning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida jamiyatning barcha qatlamlari talablarini hisobga olgan holda tomoshabinlarga dam olishning faol va sog‘lom turlari to‘g‘risida ma'lumot berish, milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish orqali oila institutini mustahkamlashga, bola tarbiyasining ustivor pedagogik usullarini targ‘ib qilishga, ayollarning, ona va bolaning reproduktiv sog‘lig‘ini mustahkamlashga bag‘ishlangan teledasturlar tayyorlash hisoblanadi. Kanalda «Sog‘lom ona-sog‘lom bola», «Salomatlik» va shunga o‘xshash keng qamrovli dasturlarni amalga oshirishga oid teleko‘rsatuvlar namoyish etiladi. Ko‘rsatuvlar o‘zbek va rus tillarida efirga uzatiladi.

Yangi «Diyor» telekanali «Madaniyat va ma’rifat» telekanali ijodiy bazasida tashkil etilib, teleko‘rsatuvlar dasturi shuningdek o‘n ikkita hududiy teleradiokompaniyalar teledasturlari asosida shakllantiriladi va teletomoshabinlarni O‘zbekistonning turli shaharlari, qishloqlari va viloyatlaridagi hayotni keng tanishtirishga yo‘naltiriladi. Asosiy e'tibor mamlakat hududlarining tarixi, madaniyati, urf-odatlari va qadamjolari to‘g‘risida maxsus teleko‘rsatuvlar tayyorlashga qaratiladi.