Dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va kadetlar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslarining yakuni bo'yicha yoshlar ikkita oltin, uchta kumush va beshta bronza, jami o'nta medalni qo‘lga kiritdilar. Bu haqda O'zbekiston MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qit’a chempionati 11-13 dekabr kunlari Xitoyning Xaynan shahrida bo'lib o'tdi.

Kadetlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqaning birinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Kamron Nurillayev (- 55 kg) va Suhrob Tursunov (- 66 kg) barcha raqiblarini yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, finalgacha kechgan bellashuvlarni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan Muhammadkarim Hurramov (- 81 kg) kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Terma jamoa hisobiga bronza medallarini Rahim Subhonov (- 50 kg) va Renat Nazmetdinov (+ 90 kg) keltirishdi.

O‘smirlar o‘rtasida G‘iyos Boboyev va Shohruh Usmonov shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Sobit Xo‘jamov, Shahzod Sobirov va Elyor Masharipov bronza medallari bilan taqdirlandi.