12-dekabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisining birinchi kunida senatorlar ilk bor qabul qilinayotgan O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksini tasdiqladilar va Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to’g’risidagi qonunni ma’qulladilar. Bu haqda Senatning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqib, ma’qulladilar. Majlisda qayd etilganidek, Byudjet kodeksi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun hujjati ekanligi, u qonunchilik bazasining va uni huquqiy qo‘llash tizimining yagonaligini ta’minlashi ko‘rsatib o‘tildi.

Byudjet kodeksi butun byudjet jarayonini (Davlat byudjetini shakllantirish, tasdiqlash, ijro etishni hamda nazoratni ta’minlashni) yagona va yaxlit qonun hujjatida tizimlashtirishni, Davlat byudjetini ham, byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarni ham tartibga solishning yagona prinsiplarini qo‘llanishni, byudjet jarayoni barcha qatnashchilarining vakolatlarini hamda ularning o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini belgilashni, shuningdek, byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirib, mahalliy byudjetlarning daromadlar manbalarini mustahkamlab qo‘yishni, barcha darajalardagi byudjetlar o‘rtasida vakolatlarni taqsimlashni va ularning o‘zaro hamkorligini nazarda tutadi.

Kodeksda amalga oshirish manbalari va mexanizmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat byudjeti bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari va sohalari, shu jumladan grantlar va texnik hamkorlik mablag‘larini jalb etish, ulardan foydalanishni monitoring va nazorat qilish tartibi, davlat tomonidan xorijdan mablag‘ jalb qilish va davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi, moliyaviy nazoratni, shuningdek, davlat moliyasi tizimida buxgalteriya hisobi va hisobotini ta’minlash mexanizmi belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, Byudjet kodeksining qabul qilinishi amaldagi Soliq kodeksi bilan birgalikda davlat moliyasining yagona birxillashtirilgan, xalqaro standartlarga mos bo‘lgan qonunchilik bazasini shakllantirishga, byudjet sohasidagi huquqiy munosabatlarni tizimlashtirishga, shuningdek, byudjet jarayonining hamma bosqich va darajalarida yagona huquqiy normalar va yondashuvlar qo‘llanilishini, mamlakat byudjet tizimining ochiq-oshkoraligini va barqarorligini ta’minlashga imkon beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar. Ushbu Qonun amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, ularning ayrim normalarini O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga moslashtirish maqsadida ishlab chiqilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qonun bilan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «Xorijdan mablag‘ jalb qilish to‘g‘risida»gi, «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, shuningdek, ayrim qonun hujjatlari, shu jumladan «Byudjet tizimi to‘g‘risida»gi, «Davlat byudjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risida»gi qonunlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmoqda.

Shuningdek, senatorlar 2014-yilga mo‘ljallangan soliq siyosati konsepsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlarini ijro etish yuzasidan, shuningdek, bir qator qonun hujjatlarining normalarini bir xil qo‘llanish uchun ularni aniqlashtirish maqsadida tayyorlangan «Soliq va byudjet siyosatining 2014-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar qayd etganlaridek, Qonun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va butun iqtisodiyot zimmasiga tushadigan soliq yukini yanada kamaytirishga, soliq solish tizimini soddalashtirishga, mahalliy byudjetlarning daromadlar qismini mustahkamlashga va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.