12-dekabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisining birinchi kunida senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjetini ko‘rib chiqdilar va tasdiqladilar. Bu haqda Senatning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjeti makroiqtisodiy barqarorlikni hamda mamlakat YaIMning yuqori sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlashga, diversifikatsiya qilingan va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga, aholi farovonligi va turmush darajasini yanada oshirishga qaratilganligi strategik ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.

Senatorlarning fikricha, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi uchun soliq yukini yanada kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, mahalliy byudjetlarning daromad qismini ko‘paytirish va uni mustahkamlash, soliq solish ob’ektlarini kamaytirib ko‘rsatish va yashirish faktlarining oldini olishga qaratilgan soliq ma’muriyatchiligi choralarini kuchaytirish soliq siyosati sohasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda.

Soliq yukini yanada qisqartirish bo‘yicha eng muhim chora-tadbirlar sifatida yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining bazaviy stavkasini 9 foizdan 8 foizga tushirish nazarda tutilmoqda. Natijada yuridik shaxslar ixtiyorida qo‘shimcha 130 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ qoladi. Bundan tashqari, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha daromad solig‘i solish shkalasining eng kam stavkasini 8 foizdan 7,5 foizgacha pasaytirib, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobidan bir foiz miqdoridagi mablag‘larni fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkazish tartibini saqlab qolish nazarda tutilmoqda.

Muhokama asnosida senatorlar alohida ta’kidlaganlaridek, mamlakatimizning bosh moliyaviy hujjati ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qilinadigan xarajatlarni ko‘paytirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyat va sportni moliyalashtirishni, shu jumladan oliy o‘quv yurtlarining o‘quv-laboratoriya binolarini, sport zallarini va talabalar yotoqxonalarini qurishni, rekonstruksiya qilishni, mukammal ta’mirlashni va jihozlashni moliyalashni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan. Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini qurishga, shu jumladan qishloq joylarda barpo etilayotgan yangi turar-joy massivlari uchun avtomobil yo‘llari, suv ta’minoti ob’ektlarini va boshqa ijtimoiy ob’ektlar qurishga zarur mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Senatorlarning chiqishlarida soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, 2014-yilgi Davlat byudjetining parametrlari umuman mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga, jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirishning strategik dasturiga mos ekanligi alohida ta’kidlandi. Iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini saqlab qolishga, sanoat tarmoqlarini, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha faol investitsiya siyosatini davom ettirishga, shuningdek, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilgan.

Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat byudjetini tasdiqladilar va tegishli qaror qabul qildilar.