12-dekabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisining birinchi kunida senatorlar bir qator qonunlarni ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Bu haqda Senatning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan bir guruh deputatlari tomonidan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida ishlab chiqilgan «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, muhokama qilishda keng jamoatchilik ishtirok etgan ushbu Qonunda ekologik nazoratning boshqa sub’ektlari va ishtirokchilari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlariga (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNT) atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, atrof-muhitning holatini kuzatish va boshqa masalalarda ishtirok etish borasida vakolatlar berilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi ekologik nazoratning samaradorligini oshirishga, davlat muassasalari, fuqarolik institutlarining bu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirishga, shuningdek, ta’sirchan ekologik nazoratni amalga oshirishda, atrof-muhitni muhofaza qilish va sog‘liqni saqlash sohasidagi eng muhim davlat dasturlarini bajarishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va NNT rolini mustahkamlashga yordam beradi.

Senatorlar «Mustahkam oila yili» Davlat dasturini ijro etish yuzasidan ishlab chiqilgan «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar.

Majlisda qayd etilganidek, o‘tgan davrda mamlakatimizda vasiylik va homiylikka muhtoj shaxslarning, shu jumladan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali, ko‘p bosqichli tizimi yaratildi, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ta’sirchan choralar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy jihatdan xavfli holatga tushib qolgan bolalarni aniqlash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, sudlarda va boshqa muassasalarda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning manfaatlarini muhofaza qilish sohasida yaxlit normativ-huquqiy baza yaratildi va u rivojlanib bormoqda.

Senatorlarning fikricha, bu sohada amal qilib turgan qonun hujjatlarining qoidalarini birlashtiradigan yagona, maxsus qonunning qabul qilinishi vasiylik va homiylikka muhtoj shaxslarning, eng avvalo yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, vasiylik va homiylik organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.